img
img

Allomalar



Abu Ali ibn Sino (980-1037)

 

Ibn Sino, Abu Ali al-Husayn ibn Abdulloh ibn al-Hasan ibn Ali (980.8. Buxoro, Afshona qishlog‘i – 1037.18.6. Hamadon shahri, Eron) – jahon fani taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan O‘rta Osiyolik buyuk qomusiy olim. G‘arbda Avitsenna nomi bilan mashhur.

Ibn Sinoning otasi Abdulloh Balx shahridan bo‘lib, Somoniylar amiri Nuh ibn Mansur (967 – 997) davrida Buxoro tomoniga ko‘chib, Hurmaysan qishlog‘iga moliya amaldori etib tayinlanadi. U Afshona qishlog‘ida Sitora ismli qizga uylanib ikki o‘g‘il farzand ko‘radi. O‘g‘illarining kattasi Husayn (Ibn Sino), kenjasi Mahmud edi. Husayn 5 yoshga kirgach, Ibn Sinolar oilasi poytaxt – Buxoroga ko‘chib keladi va uni o‘qishga beradilar. 10 yoshga yetar-yetmas Ibn Sino Qur’on va adab darslarini to‘la o‘zlashtiradi. Ayni vaqtda u hisob va aljabr bilan ham shug‘ullanadi, arab tili va adabiyotini mukammal egallaydi.

Ibn Sino zaruriy bilimlarning barchasini Buxoroda olgan. Olimning ilmiy ijodi 18 yoshidan boshlandi. U Nuh ibn Mansurga atab nafsoniy quvvatlar haqida risola, “Urjuza” tibbiy she’riy asari, o‘z qo‘shnisi va do‘sti Abul-Husayn al-Aruziyning iltimosiga binoan, ko‘p fanlarni o‘z ichiga olgan “Al-hikmat al-Aruziy” (“Aruziy hikmati”) asarini yozgan. Undan tashqari, boshqa bir do‘sti faqih Abu Bakr al-Barqiy (yoki Baraqiy)ning iltimosiga ko‘ra, 20 jildli “Al-hosil va-l-mahsul” (“Yakun va natija”) qomusiy asari hamda 2 jildli “Kitob al-bir va-l-ism” (“Sahovat va jinoyat kitobi”)ni yozgan.

Zamondoshlari Ibn Sinoni “Shayx ar-rais” (“donishmandlar sardori, allomalar boshlig‘I”); ‘Sharaf al-mulk” (“o‘lka, mamlakatning obro‘si, sharafi”), “hujjat al-haqq” (“rostlikka dalil”); “Hakim al-vazir” (“donishmand, tadbirkor vazir”) deb ataganlar. Jahon fani tarixida Ibn Sino qomusiy olim sifatida tan olingan, chunki u o‘z davridagi mavjud fanlarning qariyb barchasi bilan shug‘ullangan va ularga oid asarlar yozgan. Olim asarlarini o‘sha davrda Yaqin va O‘rta Sharqning ilmiy tili bo‘lgan arab tilida, ba’zilari (she’riy va ayrim falsafiy asarlari)ni fors tilida yozgan. Turli manbalarda uning 450 dan ortiq asar yozganligi qayd etilgan, lekin bizgacha ularning 242 (160) tasi yetib kelgan. Shulardan 80 tasi falsafaga, 43 tasi tabobatga oid bo‘lib, qolganlari mantiq, psixologiya, tabiiyot, astronomiya, matematika, musiqa, kimyo, axloq, adabiyot va tilshunoslikka bag‘ishlangan.  

Ibn Sinoning ilmiy merosini shartli ravishda 4 qismga, ya’ni falsafiy, tabiiy, adabiy va tibbiy sohalarga bo‘linadi. Lekin Ibn Sino asarlarining miqdoriy nisbatiga nazar solsak, olimning qiziqish va e’tibori ko‘proq falsafa va tibga qaratilgani ko‘rinadi. Garchi, uni “Avitsenna” sifatida G‘arbda mashhur qilgan uning tibbiy merosi, xususan, “Tib qonunlari” bo‘lsada, “Shayx-ar-rais” nomi, eng avval, uning buyuk faylasufligiga ishoradir.

Olimning falsafaga oid eng yirik va muhim asari “Kitob ash-shifo”dir. U 4 qismdan iborat: 1) mantiq – 9 bo‘lakka bo‘lingan: al-madhal – mantiqqa kirish; al-maqulot – kategoriyalar; al-iborat – interpretatsiya; al-qiyos – sillogizm; al-burhon – isbot, dalil; al-jadal – tortishuv, dialektika; as-safsata – sofistika; al-xitoba – ritorika; ash-she’r – poetika (she’r san’ati); 2) tabiiyot (bu yerda minerallar, o‘simliklar, hayvonot olami va insonlar haqida alohida-alohida bo‘limlarda gapiriladi; 3) riyoziyot – 4 fanga bo‘lingan; hisob (arifmetika), handasa (geometriya), astronomiya va musiqa; 4) metafizika yoki ilohiyot. Bu asarning ayrim qismlari lotin, suryoniy, ibroniy, nemis, ingliz, frantsuz, rus, fors va o‘zbek tillarida nashr etilgan.

Ibn Sinoning yana bir falsafiy asari “Kitob an-najot” “Kitob ash-shifo”ning qisqartirilgan shakli bo‘lib, u ham qisman jahonning bir necha tillariga tarjima qilingan. Olimning falsafiy qarashlari yana “Al-ishorat va-tanbihot” (“Ishoralar va tanbihlar’), “Hikmat al-mashriqiyn” (“Sharqchilar falsafasi”), “Kitob al-ishorat fi-mantiq va hikmat” (“Mantiq va falsafaning ishoralari”), fors tilida yozilgan “Donishnoma” (“Bilim kitobi”) va boshqa turli hajmdagi falsafiy risolalarda hamda “Tayr qissasi”, “Salomon va Ibsol”, “Hayy ibn Yaqzon”, “Yusuf haqida qissa” kabi falsafiy mazmunli badiiy qissalarda o‘z aksini topgan.

Ibn Sinoning tibga oid yozgan asarlarining 30 dan ortig‘i bizgacha yetib kelgan, ularning orasida “Qonun” kabi tibbiy entsiklopediya bilan bir qatorda tibning ayrim nazariy va amaliy masalalariga bag‘ishlangan turli hajmdagi “Urjuza fit-tib» (“Tibbiy urjuza”), “al-Adviyat al-qalbiya” (“Yurak dorilari”), “Daf’ almadorr al-kulliya an-al-abdon al-insoniya” (“Inson badaniga yetishgan barcha zararlarni yo‘qotish”), “Kitob al-qulanj” (“Qulanj haqidagi kitob”), “Maqola fi-nabz” (“Tomir urishi haqida maqola”), “Risola fi-l-boh” (“Shahvoniy quvvat haqida risola”), “Risola fi tadbiri al-musofirin” (“Safardagilarning tadbiri haqida risola”), “Risola fi xifz as-sihha” (“Sog‘liqni saqlash haqida risola”), “Risola fi-s-sikanjubin” (“Sikanjubin haqida risola”), “Risola fil-fasd” (“Qon olish haqida risola”), “Risola fil-hindabo” (“Sachratqi haqida risola”) kabi risolalar ham bor.



 


Muhammad Ibn Ahmad Abu Rayhon Beruniy (973-1048)


Abu Rayhon Beruniy 973 yil 4 sentyabrda qadimgi Xorazmning Kot shahrida (hozirgi Beruniy shahri) tug’ilgan. Uning siymosida o’rta asrlar Sharqining qomus ul-ilimi, astronomi, geografi, ma’danshunosi, etnografi, tarixchisi, shoiri mujassamlashgan.

Beruniy Abu Nasr Iroq rahbarligida yoshligidan riyoziyot va falakiyotni o’rganib, 16-17 yoshlaridayoq Quyoshning choshgohdagi balandligini armila bilan o’lchagan. Oradan 30 yil o’tgach, Beruniy yoshligida o’zi o’lchab olgan natijalarni tahlil qilar ekan, ular anchagina ishonchli bo’lganligini ta’kidlaydi. Yoshlik yillarida u quyosh tutilishini kuzatish bilan shug’ullanadi. 22 yoshida Beruniy Markaziy Osiyoda birinchi bor yer globusini yaratdi. O’zidan oldingi ajdodlar qoldirib ketgan ko’plab kitoblarni o’rganadi va bizgacha yetib kelgan, turli xalqlarning yil hisoblari haqidagi ilk yirik asari – “Osorul boqiya” (“Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”)ni yaratadi. Unda yunonlar, rimliklar, forslar, sug’diylar, xorzamiylar va boshqa ko’plab qabila va xalqlarning barcha davrlari, bayram hamda taqvimlari, shuningdek Sharqning turli mamlakatlarining madaniyat va adabiyot tarixi to’la bayon etilgan.

998-yilda Jurjon hokimi Qobus ibn Vushmagir uni o’z shahriga taklif qiladi va Beruniyga oliy lavozim, ya’ni vazirlikni taklif qiladi. Ammo ilmga tashna Beruniy bu taklifni rad qiladi va 1004 yilda u Xorazmshoh Ma’mun II ning taklifiga binoan Gurganchga qaytib keladi hamda Gurganchda shoh nomidagi “Ma’mun akademiyasi”ni barpo etadi.

Bu akademiyada Abu Ali ibn Sino, Miskavayx, faylasuf Abu Sahl Masihiy, matematik va astronom Abu Nasr ibn Iroq, tarjimon va hakim Abul Xayr ibn Xammor, adib va shoir Abu Mansur as- Saolabiy, Zayniddin Jurjoniy va boshqa o’nlab olimlar ilm-fan taraqqiyotiga katta hissa qo’shdilar va ajoyib asarlar yaratdilar. Barcha qadimiy ilmiy manbalarda bu jamoa “Dorul hikma” (“Donishmandlar uyi”) deb atalgan.

Beruniyning ustozi Abu Nasr ibn Iroq o’z davrining o’ta bilimdon olimi edi. U tirikligidayoq “o’z davrining Ptolemeyi” degan laqab olgandi. Undan tashqari Abu Rayhon Beruniyni o’z xonadonida tarbiyalab voyaga etkazgan. Ana shu ikki buyuk siymo tufayli Gurganch saroyida ilm ahli uchun ideal sharoit yaratiladi. Bu ikki shaxs yaqin va o’rta sharqdagi ko’plab olimlar bilan shaxsiy yozishmada edilar. Ibn Iroq va Beruniyning takliflari bilan 1004 yildan boshlab Nishopur, Balx va Buxorodan va hatto arab Iroqidan ham olimlar Gurganchga kela boshladilar. Shu tariqa Gurganchda “Dorul hikma” nomini olgan ilmiy muassasa to’la shakllanadi. Bu ilmiy muassasada xuddi Bag’doddagi “Baytul hikma”dagi kabi ilmning barcha sohalarida tadqikot va izlanishlar olib boriladi. Beruniy keltirgan ma’lumotlarga ko’ra, bu erda suryon va yunon tillaridan ba’zi tarjimalar ham bajarilgan.

U Beruniyni saroyga taklif qiladi va o’ziga eng yaqin maslahatchi qilib oladi. Buning oqibatida Ma’mun akademiyasi faoliyati uchun yanada kattaroq imkoniyatlar ochiladi.

Beruniy “Hindiston tarixi” asarini hamda 1025 yilda “Geodeziya”, 1030-1041 yillar oralig’ida “Al-Qonun al-Mas’udiy”, 1041-1048 yillarda “Mineralogiya” hamda “Kitob as-saydana fi-t-tibb” asrlarini yaratdi. Olimning fan taraqqiyotiga qo’shgan hissasi juda ulkan bo’lib, u 152-ta risola yaratgan, shundan 30 tasi bizgacha etib kelgan.

Abu Rayhon Beruniy bundan ming yil oldin Hindistonda bo’lib, uning tarixi, madaniyatini o’rganish uchun qadimgi hind yozuvi – sanskritni o’rganib, o’zining mashhur “Hindiston” asarini yozgan. “Hindiston” hajmi jihatdan juda katta asar bo’lib, unda hind adabiyoti, falsafasi, aniq fanlar, geografiya, elshunoslik, qonun va urf-odatlar, din, tarixiy-diniy rivoyatlar, hind yozuvining turlari haqida ma’lumotlar keltirilgan.

Abu Rayhon Beruniyning Ibn Sino bilan yozishmalari ham uning Gurganchda turgan davrida bo’lgan. Ularning savol-javoblaridan va Abu Rayhon Beruniyning Ibn Sinoga yozgan e’tirozlaridan bizgacha faqat 18 tasi etib kelgan. Bu yozishmalar uning tabiat falsafasi va fizika masalalari bilan ham qiziqqanini ko’rsatadi. Bu savol-javoblarda ikki mashhur olim fazo, issiqlikning tarqalishi, jismlarning issiqdan kengayishi, nurning aks etishi va sinishi kabi masalalarda ilmiy munozara olib borganlar.

Buyuk bobokalonimiz 1048 yil 11 dekabrda 75 yoshida G‘aznada vafot etgan.  Buyuk olimni nomini abadiylashtirib yurtimizda ko’pgina ilmiy markazlar, ko’chalar, shahar, qishloqlar faxr ila olim nomi bilan ataladi.




Ahmad al-Farg‘oniy (797-865)


O‘rta asrlarda yashagan Markaziy Osiyolik olimlar orasida buyuk astronom, matematik va geograf al-Farg‘oniy salmoqdi o‘rin egallaydi.

Olimning to‘liq ismi Abul Abbos Ahmad ibn Muhammad ibn Kasir al-Farg‘oniydir.

Al-Farg‘oniy Farg‘ona vodiysining Qubo (Quva) qishlog‘ida tug‘ilgan.

Al-Farg‘oniy xalifa Xorun ar-Rashidning sharqiy yerlaridagi movuni, o‘g‘li Abdullohning (bo‘lajak xalifa al-Ma’munning) Marvdagi olimlari doirasiga kirgan.

861 yil Ahmad al-Farg‘oniy Qohira yaqinidagi Ravzo orolida nilometrni, ya’ni Nil daryosi suvi sathini belgilovchi uskunani yaratdi.

Al-Farg‘oniyning asosiy astronomik asari “Samoviy harakatlar va umumiy ilmi nujum kitobi” (“Kitob al-harakat as-samoviya va javomi’ ilm an-nujum”) XII asrda Yevropadda lotin tiliga ikki marta va XIII asrda boshqa Yevropa tillariga ham tarjima qilinganidan so‘ng, uning lotinlashtirilgan nomi “Alfraganus” shaklida G‘arbda bir necha asr davomida keng tarqaladi.

Al-Farg‘oniy asarining lotincha tarjimasi birinchi marta 1493 yilda nashr etilgan bo‘lib, u eng qadimgi nashr qilingan kitoblardan hisoblanadi.

1669 yili mashhur Golland matematigi va arabshunosi Yakob Golius al-Farg‘oniy asarining arabcha matnini yangi lotincha tarjimasi bilan nashr etganidan so‘ng, al-Farg‘oniy va uning asarining Yevropadagi shuhrati yanada ortdi.

Yevropa Uyg‘onish davrining buyuk namoyandalaridan biri bo‘lgan mashhur olim Regiomontan XV asrda Avstriya va Italiya universitetlarida astronomiyadan ma’ruzalarni al-Farg‘oniy kitoblaridan o‘qigan.

Al-Farg‘oniy nomini Dante (XV asr) va Shiller (XVIII asr) ham eslagan. Yevropa olimlaridan Dalambr, Brokelman, X. Zuter, I. Y. Krachkovskiy, A. P. Yushkevich va B. A. Rozenfeldlar al-Farg‘oniyning ijodini yuqori baholaganlar.

Hozirgi kunda al-Farg‘oniyning sakkiz asari ma’lum bo‘lib, ularning hammasi astronomiyaga aloqador. Ular quyidagilardir: yuqorida tilga olingan asar, odatda uni “Astronomiya asoslari haqida kitob” nomi bilan ham atashadi – qo‘lyozmalari dunyo kutubxonalarining deyarli barchasida bor. “Asturlob yasash haqida kitob” – qo‘lyozmalari Berlin, London, Mashhad, Parij va Tehron qutubxonalarida, “Asturlob bilan amal qilish haqida kitob” – birgina qo‘lyozmasi Rampurda (Hindiston), “Al-Farg‘oniy jadvallari” – qo‘lyozmasi Patnada (Hindiston), “Oyning Yer ostida va ustida bo‘lish vaqtlarini aniqlash haqida risola” – qo‘lyozmasi Qohirada, “Yetti iqlimni hisoblash haqida” – qo‘lyozmalari Gotada va Qohirada, “Quyosh soatini yasash haqida kitob” – qo‘lyozmalari Halab va Qohirada saqlanadi. “Al-Xorazmiy “Zij”ining nazariy qarashlarini asoslash” asari Beruniy tomonidan eslatiladi, lekin qo‘lyozmasi topilmagan.

Farg‘oniyning nomi butun Sharq va G‘arbda mashhurdir. O‘rta asrda tabiiy-ilmiy bilimlarning rivojiga ulkan hissa qo‘shgan olim sifatida manbalarda, so‘nggi G‘arb va Sharq mualliflari asarlarida, o‘z yurti O‘zbekistonda, ayniqsa, zo‘r g‘urur va iftixor bilan tilga olinadi, o‘rganiladi, hozirgi kunda ko‘chalar, o‘quv yurtlariga uning nomi berilgan.

1998 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan allomaning 1200 yillik tavallud sanasi katta tantanalar bilan nishonlandi.




Mirzo Ulug‘bek (1394-1449)


Muhammad Taragʻay ibn Shohrux ibn Temur Ulugʻbek Koʻragon Temuriylar davlatining hukmdori, davlat arbobi, buyuk astronom (yulduzshunos) va matematik olim sanaladi. Mirzo Ulug‘bek 1394-yil 22-martda bobosi Turon hukmdori Amir Temurning besh yillik yurushlari davrida Sultoniya shahrida tug‘ilgan. Otasi Shohrux Mirzo, onasi turkiy qabila zodagonlaridan Gavharshod begim bo‘lgan. Unga Mirzo Muhammad Taragʻay ismi berildi. Ulugʻbek asli ism emas, balki “Buyuk hukmdor (bek)” maʼnosini beruvchi taxallus edi. Ulug‘bekning ustozi shoir va olim Orif Ozariy bo‘lgan. Otasi Shohrux Mirzo davrida Movarounnahr hokimi va otasi vafot etgach butun Temuriylar imperiyasi sultoni (1447-1449) boʻldi. Ulugʻbek trigonometriya va sferik geometriya kabi astronomiya bilan bogʻliq matematika sohasidagi ishlari, shuningdek, sanʼat va intellektual faoliyatga umumiy qiziqishlari bilan ajralib turardi. Besh tilni: turkiy, arab, fors, moʻgʻul va oz miqdorda xitoy tillarini bilgan deb taxmin qilinadi. Ulugʻbek hukmronligi davrida (avval hokim, keyin toʻgʻridan-toʻgʻri) uning eʼtibori va homiyligi tufayli temuriylar uygʻonish davrining madaniy choʻqqisiga erishdi. Samarqand hokimligi, otasi Shohrux Mirzo tomonidan Ulugʻbekga berilgan.

U 14241-1429-yillarda Samarqandda Ulugʻbek rasadxonasini qurdirdi. Olimlar nazarida bu rasadxona oʻsha davrda islom olami va Markaziy Osiyodagi eng yirik rasadxona boʻlgan. Ulugʻbek keyinchalik koʻplab olimlar tomonidan XV asrning eng buyuk astronomi sifatida tan olingan. Samarqandda va Buxoroda Ulugʻbek madrasasini (1417—1420) qurdirib, ushbu shaharlarni Oʻrta Osiyoning madaniy ilm markazlariga aylantirdi.

Ulugʻbek nomi turkiycha boʻlib, “buyuk” yoki “oqsoqol bek” maʼnosini bildiradi. Koʻragon unvoni moʻgʻulcha “kuregen” soʻzining forscha varianti boʻlib, “xonning kuyovi” maʼnosini bildiradi.

1830-yilda osmon Yulduzshunoslari Johann Heinrich von Mädler oyda bor boʻlgan kraterlarning birini Ulugʻbek nomiga musammo qildi.

Ulugʻbek ilm-fan olamida buyuk astronom sifatida mashhur. Bu borada u amalga oshirgan eng buyuk ish “Ziji jadidi Koʻragoniy” deb nomlangan astronomik jadval sanaladi. Ulugʻbek tibbiyot va musiqaga ham qiziqqan, sheʼrlar ham yozgan. Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois” asarida uning sheʼrlaridan namunalar keltirilgan. Olimdan bizga 4 ta asar meros qolgan:

1) “Ziji jadidi Koʻragoniy” – astronomiyaga oid;

2) “Bir daraja sinusini aniqlash haqida risola” – matematikaga oid;

3) “Risolayi Ulugʻbek” – yulduzlarga bagʻishlangan;

4) “Tarixi arbaʼ ulus” (Toʻrt ulus tarixi) – tarixga oid.




Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy (783-850)


Buyuk matematik, astronom va geograf Muhammad al-Xorazmiy VIII asrning oxiri va IX asrning birinchi yarmida yashab ijod etdi. Bu davrda Markaziy Osiyo arab xalifaligi tarkibiga kirar edi.

Xorazmiy dunyo faniga g‘oyat katta hissa qo‘shdi. U algebra fanining asoschisi bo‘ldi. “Algebra” so‘zining o‘zi esa uning “Al-kitob al-muxtasar fi hisob al-jabr va al-muqobala” nomli risolasidan olingan. Uning arifmetika risolasi hind raqamlariga asoslangan bo‘lib, hozirgi kunda biz foydalanadigan o‘nlik pozitsion hisoblash sistemasi va shu sistemadagi amallarning Yevropada tarqalishiga sabab bo‘ldi. Olimning “al-Xorazmiy” nomi esa “algoritm” shaklida fanda abadiy o‘rnashib qoldi. Uning geografiyaga doir asari esa arab tilida o‘nlab geografik asarlarning yaratilishiga zamin yaratdi. Xorazmiyning “Zij”i Yevropada ham, Sharq mamlakatlarida ham astronomiyaning rivojlanish yo‘lini ko‘rsatib berdi. Lekin afsuski, fanning bir necha tarmoqlariga asos solgan, “o‘z davrining eng buyuk matematigi va agar barcha shart-sharoitlar nazarga olinsa, hamma davrlarning ham eng buyuklaridan biri” (J. Sarton) bo‘lgan bunday siymoning hayoti haqida ma’lumotlar deyarli saqlanmagan.

Xorazmiy Xorazm o‘lkasida tug‘ilib, o‘sdi. Adabiyotlarda 783-yil uning tug‘ilgan yili deb qabul etilgan. U dastlabki ma’lumot va turli sohadagi bilimlarni asosan o‘z yurtida, Markaziy Osiyo shaharlarida ko‘pgina ustozlardan olgan, deb bilmoq mumkin.

Xalifa al-Ma’mun davrida Bag‘dodda Markaziy Osiyo va Xurosondan kelgan bir guruh yirik olimlar ijod etgan. Ular orasida Xorazmiy bilan bir qatorda Marvdan Yahyo ibn Abu Mansur, al-Farg‘oniy, Habash al-Marvaziy, Xolid ibn Abdumalik al-Marvarrudiy, Forobdan Abul Abbos al-Javhariy va boshqa olimlar bor edi.

Bag‘dodda al-Ma’mun otasi tomonidan asos solingan ilmiy markaz — “Bayt ul-hikma” faoliyatini har tomonlama takomillashtirib, unga yirik davlat muassasasi tusini berib, avvaliga tarjimonlik faoliyatini keng ko‘lamda rivojlantirdi. Vizantiya, Hindistondan ko‘plab kitoblar keltirilib, “Bayt ul-hikma”ning faoliyat doirasi birmuncha kengaytiriladi, uning qoshida ikkita yirik rasadxona: birinchisi 828-yilda Bag‘dodning ash-Shammosiya mahallasida, ikkinchisi Damashq yaqinidagi Kasiyun tog‘ida 831-yilda barpo etiladi. Ikkala rasadxonaning ham faoliyatini Markaziy Osiyo va Xurosondan kelgan olimlar boshqaradi. Xorazmiy bu ilmiy markazning mudiri sifatida uning faoliyatini kuzatib turadi.

Xorazmiy davrida “Bayt ul-hikma”da ishlagan yirik tarjimonlar orasida Hajjoj ibn Yusuf ibn Matar, Abu Zakariyo Yuhanno ibn al-Bitriq, Hunayn ibn Is’hoq va Kusto ibn Luqo al-Ba’albakkiylar bor edi.

Xorazmiy bilan Bag‘dodda, keyinchalik “Ma’mun akademiyasi” deb tanilgan “Bayt ul-hikma”da ijod etgan olimlarning barchasini ham Markaziy osiyolik yoki xurosonlik deyish xato bo‘lardi. U yerda Suriya, Iroq, Eron va xalifalikning boshqa yerlaridan kelgan olimlar ham ishlagan. Biroq ular orasida Markaziy osiyoliklar salmoqli o‘rinni egallagan. Xorazmiy ana shunday ilmiy muhitda yashab ijod qildi va 850-yilda Bag‘dodda vafot etdi.

Xorazmiy qalamiga mansub 20 dan ortiq asarlarning faqat 10 tasi bizgacha yetib kelgan. Bular “Aljabr va al-muqobala hisobi haqida qisqacha kitob” — algebraik asar, “Hind hisobi haqida kitob” yoki “Qo‘shish va ayrish haqida kitob” — arifmetik asar, “Kitob surat-ul-arz”— geografiyaga oid asar. “Zij”, “Asturlob bilan ishlash haqida kitob”, “Asturlob yasash haqida kitob”, “Asturlob yordamida azimutni aniqlash haqida”, “Kitob ar-ruhoma”, “Kitob at-ta’rix”, “Yahudiylarning taqvimi va bayramlarini aniqlash haqida risola”. Bu asarlarning to‘rttasi arab tilida, bittasi Farg‘oniyning asari tarkibida, ikkitasi lotincha tarjimada saqlangan va qolgan uchtasi hali topilgan emas.

Xorazmiyning “Kitob surat-ul-arz” asari ko‘p olimlar tomonidan o‘rganilgan. Lekin asar shu paytgacha to‘la ravishda birorta hozirgi zamon tiliga tarjima qilinmagan. 1983-yili olimning 1200 yillik yubileyi munosabati bilan bizda bu asarning o‘zbekcha tarjimasi Xorazmiyning “Tanlangan asarlar”i tarkibida chop etildi.

Xorazmiyning yuqorida keltirilgan asarlariyoq u fanning qator tarmoqlarining asoschisi bo‘lganligini ko‘rsatadi. Uning g‘oyalari matematika va astronomiyaning oyoqqa turishi va rivojlanishiga sabab bo‘ldi. Hozirgi davrda uning xizmatlari jahon afkor ommasi tomonidan e’tirof etilgan.

Xorazmiy asarlari dunyoning turli kutubxonalarida saqlanadi. Turli g‘arb va sharq tillariga tarjima etilgan. U o‘z asarlari, ixtirolari bilan nafaqat o‘z vatanini, balki arab xalifaligining ilmiy yutug‘i, o‘z davri madaniyatining yuksak natijalarini butun dunyo va barcha asrlarga mashhur etdi. Hozirda uning nomiga turli mamlakatlarda (Eron, Turkmaniston, O‘zbekiston va boshqalar) mukofot va medallar ta’sis etilgan, ko‘cha, muassasalarga nomlari qo‘yilgan.

Yangiliklarga obuna boʼling

Eng soʼnggi yangiliklardan birinchilardan boʼlib xabardor boʼling