Shu kunlarda Turkiyada bo‘lib turgan Alfraganus universitetining Tibbiyot fakulteti professor-o‘qituvchilari Konya shahrida joylashgan, 20ta fakultet, 8ta kasb-hunar kollejlari, 28ta ilmiy-tadqiqot markazi, 4 ta institut, chet tillar maktabi, Turkiya musiqa konservatoriyasi hamda 8 ta muvofiqlashtirish markazlaridan iborat bo‘lgan Necmettin Erbakan universitetida yangi ochilgan shifoxonaga tashrif buyurdilar. 


       Shifoxonada bemorlarga xizmat ko‘rsatishda yaratilgan sharoitlar va qulayliklar, o‘rnatilgan so‘nggi rusumdagi qimmatbaho tibbiy asbob-uskunalar bilan yaqindan tanishdilar. Bir vaqtning o‘zida 40 ga yaqin jarrohlik operatsiyasi o‘tkazish imkoniga ega bo‘lgan operatsiya bloki o‘qituvchi-professorlarimizda katta qiziqish uyg‘otdi.


Olib borilgan kelishuv muzokaralar natijasi o‘laroq, kelgusida Alfraganus universitetining tibbiyot yo‘nalishi talabalari ham Necmettin Erbakan universitet qoshidagi shifoxonada tajriba almashish maqsadida amaliyot jarayonlarida qatnashishlari haqida kelishib olindi.

      Shundan so‘ng, Alfraganus universitetining Tibbiyot fakulteti professor-o‘qituvchilarning barchasi Necmettin Erbakan universitetida malaka oshirib, tajriba almashganliklari, amaliyot o‘taganliklari hamda dars berganliklarini tasdiqlovchi maxsus sertifikat bilan taqdirlandilar.