Alfraganus universiteti va “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan memorandum imzolandi.
Ushbu hujjat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-oktabrdagi farmonida belgilangan Oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi asosida, fan, ta’lim va ishlab chiqarishning uzviy integratsiyasini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.
Hamkorlik quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
— Talabalar uchun ishlab chiqarish amaliyoti va stajirovka imkoniyatlarini yaratish;
— Uyushma mutaxassislarini dars, seminar va mashg‘ulotlarga jalb etish;
— Ilmiy-tadqiqot, loyiha, maqola va dissertatsiyalar yuzasidan qo‘shma faoliyat olib borish;
— Korxona ehtiyojlariga mos malakali kadrlar tayyorlashga e’tibor qaratish.
Uyushma boshqaruvi raisi Ilyos Raximov bu hamkorlikni fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasining amaliy ifodasi sifatida e’tirof etdi va yosh mutaxassislarni real sektor bilan bog‘lashda katta imkoniyatlar yaratishini ta’kidladi.

