Alfraganus universitetida Yunusobod tumani IIO FMB 1-sonli IIB profilaktika katta inspektori Q.A. Ibragimov va Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi sudyasi Z.Z. Yarashev raisligida sayyor sud majlisi o‘tkazildi.

Majlisda jamoat joylarida alkogol va tamaki mahsulotlari bilan bog‘liq sodir etilgan ma’muriy huquqbuzarlik ishlari ko‘rib chiqildi. Huquqbuzarlik sodir etgan shaxsga nisbatan ma’muriy jazo qo‘llanildi. Shuningdek, aybiga to‘liq iqror bo‘lgan, qilmishidan pushaymonlik bildirgan va jabrlanuvchi bilan yarashgan shaxsga nisbatan yuritilgan ish harakatdan tugatildi.

Sayyor sud majlisi ishtirokchilariga sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun qonunchilikda belgilangan javobgarlik va jazo choralari haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, huquqbuzarliklarning oldini olish, Alfraganus universitetida xavfsiz muhitni yaratish hamda qonunlarga rioya etish bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar taqdim etildi.