Universitet nafaqat bilim olinadigan maskan, balki hayot darslariga tayyorgarlik ko‘riladigan katta maktabdir. Alfraganus University’da talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularga kelajakda asqotadigan amaliy ko‘nikmalarni o‘rgatish maqsadida tashkil etilgan loyihalar talaygina. Ana shunday loyihalardan biri — o‘zining qisqa faoliyati davomida katta mashhurlikka erishgan “AFU pazandachilik” klubidir.
![]() |
Yangi qadam va katta natijalar
Ushbu o‘quv yilida o‘z faoliyatini noldan boshlagan klub bugungi kunda universitetning eng faol jamoalaridan biriga aylandi. Dastlab bir necha nafar ishqiboz talaba bilan boshlangan tashabbus, bugun 50 nafardan ziyod doimiy a’zoni o‘z atrofida birlashtirdi. Shunisi e’tiborliki, klub a’zolari orasida nafaqat qizlar, balki pazandachilik sirlarini o‘rganishga ishtiyoqi baland bo‘lgan yigitlarni ham ko‘plab uchratish mumkin.
Klub faoliyat boshlaganidan buyon o‘tgan qisqa vaqt ichida jami 11 marotaba amaliy mashg‘ulot hamda 2 marotaba ko‘chma (sayyor) darslar tashkil etildi. Ko‘chma mashg‘ulotlar doirasida talabalar shaharimizdagi nufuzli restoran va oshxonalarga tashrif buyurib, sohaning haqiqiy ustalari — professional shef-povarlar ishini bevosita kuzatish va ulardan maslahatlar olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
![]() |
Klubning navbatdagi amaliy mashg‘uloti ham ko‘tarinki ruhda va yangi bilimlar bilan boy o‘tdi. Bu galgi uchrashuv mavzusi — “Mevali salat” tayyorlash va uni taqdim etish san’atiga bag‘ishlandi.
Dars davomida ishtirokchilar nafaqat mevalarni to‘g‘ri tanlash va to‘g‘rash usullari, balki ularning tarkibidagi vitaminlarni saqlab qolish, turli xildagi souslar bilan mevalarning uyg‘unligini ta’minlash sirlarini ham o‘rgandilar. Amaliy jarayonning eng qiziqarli qismi esa taomning estetik ko‘rinishi — servis qilish bosqichi bo‘ldi. Har bir talaba o‘zi tayyorlagan salatiga o‘zgacha ijodiy yondashuv bilan ishlov berib, pazandachilik — bu shunchaki ovqat tayyorlash emas, balki san’at ekanligini namoyish etdi.
![]() |
“AFU pazandachilik” klubi faqatgina bir xil turdagi taomlar bilan cheklanib qolish niyatida emas. Klub rahbariyati va a’zolari kelajakda milliy taomlar bilan bir qatorda dunyo oshxonasi durdonalarini ham o‘rganishni maqsad qilishgan. Shuningdek, universitet miqyosida turli pazandachilik tanlovlari va festivallarini o‘tkazish ham rejalashtirilgan.
Bu kabi amaliy to‘garaklar talabalarning muloqot qobiliyatini rivojlantirishga, jamoada ishlashga hamda o‘zlariga bo‘lgan ishonchni orttirishga xizmat qiladi. Zero, o‘z qo‘llari bilan tayyorlagan shirin taomlaridan zavqlangan talaba, hayotning boshqa murakkab vazifalariga ham ishtiyoq bilan yondashadi.
Agar siz ham bizning ahil oilamizga qo‘shilishni, darslardan so‘ng shirin va mazali vaqt o‘tkazishni istasangiz, eshiklarimiz siz uchun hamisha ochiq!
Telegram orqali: @Afu_pazandachilik_klubi




