Chexiya Respublikasining Praga shahrida joylashgan dunyoning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri — Chexiya qishloq xo‘jaligi universiteti (ČZU) mezbonligida “Hisob va axborot-moliyaviy monitoring hamda iqtisodiy-huquqiy tizimning istiqbollari va zamonaviy chaqiriqlari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tmoqda.

Dunyo reytingida ČZU 801-o‘rinni egallagan bo‘lib, konferensiya xalqaro ilmiy hamjamiyat e’tiborida bo‘lgan dolzarb mavzularni yoritmoqda.

Mazkur nufuzli anjumanda Alfraganus universiteti Iqtisodiyot fakulteti dekani, iqtisod fanlari doktori, professor Alisher Tuychiyev “Milliy buxgalteriya hisobini xalqaro moliyaviy hisobot standartlariga (MSFO) moslashtirish xususiyatlari” mavzusidagi taqdimoti bilan ishtirok etmoqda.

Professor Tuychiyev o‘z ma’ruzasida O‘zbekistonda MSFOga o‘tishdagi metodologik yondashuvlar, muammolar va ularning yechimlari, shuningdek, ushbu islohotlarning xalqaro moliyaviy bozorga integratsiyalashuvdagi ahamiyatini atroflicha tahlil qildi.