O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2025-yil 13-fevral kuni o‘tkazilgan “Olimpiya va paralimpiya harakatini yanada rivojlantirish, ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish hamda aholi jismoniy faolligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan” videoselektor yig‘ilishida belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent shahrida joylashgan oliy ta’lim muassasalari rahbarlari o‘rtasida sport musobaqalari tashkil etildi.

Mazkur sport tadbiri “Vazir kubogi” nomi ostida o‘tkazilib, unda oliy ta’lim muassasalari rektorlari va direktorlarining jismoniy faolligini oshirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda sport orqali o‘zaro do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlash maqsad qilingan. Musobaqalar mini futbol, stol tennisi va shaxmat yo‘nalishlarida tashkil etildi.

Musobaqada Alfraganus universiteti rektori Muxammadismoil Maxmudov ham faol ishtirok etdi. U mini futbol yo‘nalishida jamoasi bilan maydonga tushib, o‘zining sportga bo‘lgan mehrini va jismoniy tayyorgarligini namoyon etdi. 

Ushbu musobaqa nafaqat sport bellashuvi, balki yetakchilar o‘rtasida sport orqali muloqot va hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.